Rimni zabt etish. Galiley Rimga 1611-yilning 29-martida keldi; u bu yerga Toskaniya gersogining diqqat e’tiboriga sazovor shaxs sifatida keldi (u gersogning zambilida, Medichining Rimdagi saroyida to‘xtadi). Uni Rim kasaba yig‘ini to‘rtta astronomi — Klaviy, Grinberg, Malkotiy, Lembol hurmat bilan qabul qilishdi. Galiley iezuitlar otalari Medichi Yulduzlarini sistematik kuzatayotganlari va ularning davrlarini aniqlashga urinayotganliklarini ko‘rdi. 21-aprelda Diniy xizmat boshliqlaridan biri kardinal Roberto Bellarmino Somon yo‘li, Saturn, Oy, Yupiter yo‘ldoshlari bo‘yicha «bitta buyuk matematikning (nomi ko‘rsatilmagan) yangi samoviy kuzatishlari» bo‘yicha olgan ma’lumotlarini maxsus talab etadi. 24-aprelda asosan kuzatishlarni tasdiqlovchi javob olindi.
(Ularga Saturnni o‘rab olgan Yulduzlar alohida-alohida bo‘lib ko‘rinmaganidan) kuzatishlardagi ba’zi farq va Oy ko‘rinishini tushuntirishdagi (tog‘lar emas, «oy jinsi»dagi notekis zichlik) muhim farq ko‘rsatildi. 14-aprelda Galiley sakkiz yil avval Montichelli markizi Federiko Chezi tomonidan asos solingan Linchcheylar (mushukko‘zlar) Akademiyasining (hisob bo‘yicha beshinchi) a’zosi bo‘ldi. Bu Akademiya tabiatni erkin, hech qanday sun’iy cheklovlarsiz o‘rganishni maqsad qilib qo‘ygan edi, Keyinroq Chezi Galileyga: «Biz kimni qabul qilmaylik, u Aristotelning ham, yoki, boshqa biror faylasufni ham quli bo‘lmaydi, balki tabiatni tadqiq etishda yaxshi niyatli va erkin fikr yurituvchi insonlar bo‘ladi»-deb yozgan edi. Chezi bilan do‘stlashish Galileyning keyingi hayotida muhim rol o‘ynadi; endi u o‘z ishlariga «Galileo Lincheo» deb yozadigan bo‘ldi. «Yanikul» tepaligida Galileyning ajoyib trubasi ommaga namoyish etildi (Shunda Chezi uni teleskop deb atashni tavsiya etdi).
Galileyni Rim kasaba yig‘ini ham sharafladi. «Rim kasaba yig‘inining Yulduzlar axboroti» deb nomlangan bayonotini Odo Malkotiy o‘qidi. U Galileyni «hozir yashayotgan astronomlar orasida eng mashhuri va eng baxtlisi» deb atadi, uning kashfiyotlari bilan hayratlanishini ta’kidladi, ammo yumshoq shaklda Galileyning o‘zi kashf etilgan hodisalarni tushuntirishi mumkin bo‘lgan yagona usul emasligini xabar qildi. Bu bilan Galiley o‘zini qanday tutishi lozimligini eslatib qo‘yadilar. Bu istak Gvaldoning so‘zlarida juda aniq tasvirlangan: «...Siz Oyni, to‘rtta sayyorani va Shunga o‘xshash narsalarni kuzatish keltirgan obro‘ bilan qanoatlanishingiz va kishilar ongiga juda zid bo‘lgan fikrni himoya qilmasligingiz lozim...». Gvaldoning keyingi fikri keyincha Galiley tanlaydigan yo‘lni ko‘rsatar edi: «munozara tarzida aytish mumkin bo‘lgan narsalar ko‘p, ammo ularni haqiqat deb aytish, ayniqsa agar, dunyo yaratilgandan buyon ko‘pchilik unga qarshi umumiy fikrga ega bo‘lsa, uni haqiqat deb tasdiqlasang yaxshi emas». Mumkin bo‘lgan chegarani Galileyga qabul qilish paytida kardinal Bellarmino ham ko‘rsatgan. Bellarmino Toskaniya elchisiga yanada aniqroq ogohlantirish qilgan, «Galiley quyushqondan chiqib ketmasligi kerak, aks holda uning ishini ko‘rib chiqish uchun ruhoniy-kvalifikatorga beriladi» (elchi esa bu hech qachon yaxshilikka olib bormasligini bilishi lozim edi).
Boshqa jihatlardan Galileyning safari muvaffaqiyatli edi. Kardinal del Monto gersogga shunday deb yozadi: «Galiley Rimda bo‘lgan kunlarida ko‘pgina qoniqishlar hadya etdi. O‘ylaymanki, o‘zi ham shunday qoniqish oldi, chunki u o‘z kashfiyotlarini yaxshilab namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu shaharning bilimdon kishilari kashfiyotlarni faqat eng ishonchli va eng haqqoniy deb tan olmasdan balki juda ajoyib ham deyishdi. Agar biz hozir qadimgi Rim respublikasida yashaganimizda ishonamanki, unga Kapitoliyada haykal o‘rnatib shavkatli mehnatini sharaflagan bo‘lardik.»
< avvаlgi | kеyingi > |
---|