Kepler, Madjini, Klaviy. Madjinining ishi osonroqdek tuyular edi. Galiley Florensiyadan Paduyaga kelayotib Bolonyada to‘xtaydi va unga kashf etgan
Yulduzlarini ko‘rsatadi. Hisoblash qobiliyati va uquvliligi bilan mashhur bo‘lgan Madjini, oldindan ogoh, ammo u o‘zini Yupiter atrofida hech narsa ko‘rmayotgan kishidek tutadi. U tortishmaydi, bunga sabab qilib ko‘zi juda xira ekanini keltiradi, ammo bu Galileyni tinchlantirmaydi.
Kepler Galileyning kashfiyoti haqidagi xabarga darrov javob berdi. 19 aprelda u Galileyga shodiyona xat yozdi. Yangi sayyoralar haqidagi xabar Germaniyaga martning o‘rtalarida etib kelgan ekan. Kepler Galileyga o‘zining yaqinda yuborgan «Yangi astronomiyasi»ga javob yo‘qligi uchun yumshoq shaklda tanbeh beradi. Keplerning ikki qonuni ham bu kitobga kiritilgan edi:
«...sen, mening Galileyim, begona kishining kitobini o‘qish o‘rniga o‘zingning ikki karrali kuzatish trubang orqali topgan, juda ham ma’nodor, Shu vaqtga qadar ma’lum bo‘lmagan to‘rtta sayyorang bilan shug‘ulnaibsan-da».
Dastlabki xabar noaniq edi, Kepler Galiley Quyosh tizimida yangi (oltitadan boshqa) sayyoralar topdi deb, qo‘rqib ketdi. U sayyora oltita, bunda oltitalik tasodifiy emas, u beshta muntazam ko‘pyoqlilar bilan bog‘liq, degan fikr tarafdori edi. Keplerning fantazaiyasi yana bitta imkoniyat tug‘diradi: hamma sayyoralar ham Yer singari bittadan yo‘ldoshga ega, ularni Galiley kashf etishi kerak edi: «...Kopernik bo‘yicha, agar Yer sayyoralardan biri bo‘lsa, atrofida aylanuvchi o‘z Oyiga ega bo‘lsa, u holda albatta, Galiley Saturn, Yupiter, Mars va Veneralarning juda ham kichik atrofida aylanuvchi yana to‘rtta Oyni ko‘rishi mumkin; Merkuriy quyosh atrofidagi eng oxirgi sayyora, Shunchalik uning nuriga ko‘milganki, Galiley unda hozircha yuqoridagi kabi narsani ko‘ra olmagan». Kepler hamma joyda sonli qonuniyat qidiradi! So‘ngra u gap Quyosh atrofida emas, «harakatsiz yulduzlar» atrofida aylanuvchi sayyoralar haqida borayotgandir deb o‘ylaydi. U Jordano Brunoning cheksiz olamini eslaydi va «bundan so‘ng unda juda ko‘p to‘plamdagi yangi sayyoralar kashf etish imkoniyati» haqida o‘ylaydi.
Shu vaqtda imperator Rudolf II «Yulduzlar axboroti»ni oladi (Kepler imperator astronomi edi). Kepler Galileyning axborotiga so‘zsiz ishonadi: «Agar men o‘zimning hech qanday tajribamni o‘tkazmay sening fikringga osongina ishonsam, ehtimol juda botir ko‘rinarman. Ammo eng yuqori darajadagi olim va matematikka nega ishonmasligim kerak, uning haqligi to‘g‘risida muhokama yurgizish usuli guvohlik berib turibdi. Bu muhokama palapartishlikdan yiroq, hamma tan olishi uchun o‘zi haqiqatan ko‘rmagan narsani ko‘rdim demaydi, haqiqatni sevganligidan keng tarqalgan fikrlarga ham ikkilanmay qarshilik ko‘rsatadi».
Keplerning o‘zini esa sayyoralardagi yo‘ldoshlarning taqsimlanish qonuniyati qiziqtiradi: «Yaxshisi menda ham kuzatish trubasi bo‘lishini va uning yordamida seni quvib o‘tib, Marsda ikkita yo‘ldosh (menimcha, proporsiya shuni talab etadi), Saturnda oltita yoki sakkizta, bularga qo‘shimcha Venera va Merkuriy atrofida bir-ikkita yo‘ldosh borligini kashf etishni xohlayman». Kepler arifmetik yoki geometrik progressiyani tanlash lozimligini bilmas edi!
Kepler Galileyga undan oldingi qator astronomlarni eslatdi (Mestlin Oyning kulrangligi, Porto esa kuzatish trubasining yaratish imkoniyati haqida gapirgan edi). Kepler Quyosh harakatsiz yulduzlardan yorug‘roq ekaniga ishonadi va bizning olam boshqa olamlardan farq qilishiga ishongisi keladi: «bizning olam boshqa sodda cheksiz olamlar to‘dasiga tegishli emas». Kepler fantaziyasi cheksiz; «Oydagina emas, hatto Yupiterda ham yashovchilar mavjud deb faraz qilish haqiqatdan yiroq bo‘lmaydi. Kemalarni ber, yoki, osmon havosiga yelkan mosla, bunday kengliklardan qo‘rqmaydigan odamlar topiladi...»
Madjini Keplerni o‘z tomoniga og‘dirmoqchi bo‘ladi. Kepler qaytmaydi: «Ikkalamiz ham kopernikchilarmiz. Qarg‘a-qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi». «Iogann Keplerning Yulduzlar axboroti bilan suhbati» (Galileyga javobi) dan olingan tanqidiy izohlar Madjiniyni umidlantirdi: «Endi Yupiterning mana Shu to‘rtta yaxshi xizmatkorlarini haydab yuborish va yo‘qotishgina qoladi».
1610-yil mayida Madjini atrofidagi astronomlardan Martin Gorkiy ismli odam Galileyga qarshi pamfletlar seriyasini ochdi. Uning Yulduzlar axborotiga «qarshi eng qisqa yurishi» da Yupiterning yo‘ldoshlari optik aldanish deb e’lon qilinadi. Kepler Gorkiyga bo‘lgan munosabatida doimiy emas. U Galileyga yozgan xatida bu asarni «orsiz yozilgan» deb ataydi va «bu yosh»ning beadabligidan hayratlanadi. Gorkiyning o‘ziga «Galiley Yulduzlaridan» shubhalanishidan hayratlanib, Kepler shunday yozadi: «...hayratlanmayman ham, seni ayblamayman ham; falsafa yurgizuvchilarning fikri erkin bo‘lishi lozim».
Keplerni dalillar yo‘qligi hayajonlantira boshladi. Uning hali mos trubasi yo‘q edi. Balonedan Galileyning xususiy trubasidan ham Yulduzlar ko‘rinmayotganligi haqida universitetning xulosasi keldi (bu Madjinining nayrangi – soxta axborotnomasi edi). Avgustda tashvishlangan Kepler Galileyga «men Pragaga ko‘pgina italiyaliklardan sening kuzatish trubang yordamida u sayyoralarni ko‘rib bo‘lmayotgani haqida xatlar kelayotganini sendan yashira olmayman... Shu sababli, Galiley sendan iloji boricha tezroq bir necha guvoh keltirishingni so‘rayman... Kuzatishlarning haqiqiy ekanini isbotlash bitta sening bo‘yningda tushadi»,—deb yozadi. Baxtni qarangki, o‘zining tantiqligi bilangina emas, fanga bo‘lgan muhabbati bilan ham ma’lum bo‘lgan imperator Rudolf II kuzatish trubasiga ham juda qiziqib qoldi. Nihoyat, Pragada yetarlicha mukammal truba paydo bo‘ldi va sentyabrda Kepler Yupiterning yo‘ldoshlarini kuzatdi. Kuzatishda qatnashganlar bir-birlaridan holi Yulduzlarning holatini chizishdi, rasmlar mos keldi. «Sen g‘alaba qozonding, Galileychi!»—deb xitob qiladi Kepler.
Sentyabrda Yupiterning yo‘ldoshlarini Venetsiyada Santini ko‘rdi, dekabrda eng quvonchli xabar keldi: yo‘ldoshlarni Klaviy kuzatgan. To‘g‘ri, hali u «Bular sayyorami yoki yo‘qmi ekaniga» ishonmas edi. Sentyabrda Galiley Florensiyaga ko‘chib keldi. U Klaviy bilan yozisha boshladi (Venetsiya respublikasida turib, iezuitlar bilan yozishish mumkin emas edi). «Haqiqatan ham siz buyuk maqtovga sazovorsiz, chunki siz kuzatuvchilar orasida eng birinchisiz»,—deb yozadi Galileyga Klaviy. Galiley Madjini qalbiga ham yo‘l topdi. U Madjinini yondiruvchi oynalar bo‘yicha ishlarini gersogga tavsiya etdi, Shu bilan Paduyada bo‘shagan kafedrani olishga yordam berdi (Madjini Galiley Pizadan Paduyaga kelgan paytda ham shu o‘ringa da’vogarlik qilardi). Ehtiyotkor Madjini Santini guvohligiga ijobiy javob beradi. Bundan kattasiga umid yo‘q edi!
< avvаlgi | kеyingi > |
---|