Sud va hukm. Aftidan, Galileyni ta’qib etish tashabbusi papa Urban VIII ning o‘ziga tegishli. Papani nima shunchalik darg‘azab qildi va u nega murosa qila olmaydigan bo‘ldi? Ehtimol, u «qutqaruvchi dekret»ning o‘z vaqtida chiqarilganini maqtanish samimiy emas deb hisoblar. Shubhasiz, «Dialog» Urban uchun noqulay paytda yuzaga keldi. Rimdagi kuchli Ispan oppozitsiyasi papani o‘rnidan siljitishga urinardi va u «dinsiz deb gumon qilingan» olimni qo‘llab quvvatlagani uchun ayblanib qolishishdan xavfsirashi o‘rinli edi. Papa o‘zini Yerning harakatlanmasligini himoya qiluvchi sodda Simplichio deb tushungan degan gaplar yurardi. Galiley so‘z boshida bu qahramon qolgan ikki qahramondan farqli ravishda o‘z nomi bilan atalmagan deb yozgan edi. Agar haqiqatan ham Urban VIII, kitobdagi Simplichioning so‘zlaridan o‘zining qachonlardir Galileyga aytgan mulohazalarini topgan bo‘lsa, yuqoridagi fikr kelishi o‘rinli edi.
1632-yilning avgustida papa hukumatining markaziy organi «Dialog»ni tarqatishni taqiqlaydi. Sentyabrda ish inkvizitsiyaga topshiriladi. Uzoq siyosiy-diniy o‘yin boshlanadi. Galileyning tarafdorlari, Toskaniya gersogi ham avvaliga inkvizitsiya ishni ko‘rmasligiga, so‘ngra ishni Florensiyaga ko‘chirib, imkoniyati boricha Galileyning kasalligini vaj qilib uni cho‘zishga harakat qilishdi. Barcha urinishlar bekorga ketdi. Urban VIII o‘z mansab vakolati – Vatikan taxti dahlsizligi foydasiga bir so‘zli bo‘lib turib oldi.
Galileyni kishanlarda olib ketish xavfi uni 1633-yil yanvarda Rimga jo‘nashga majbur etdi. 13 -fevralda u Rimda, 12-aprelda esa inkvizitsiyaning bosh komissari Makulano huzurida bo‘ldi. Azobli tekshirishlar boshlandi, Galileyga ruhiy va jismoniy ta’sir ko‘rsata boshlandi, unga qarshi qiynash usuli ishga solindi. Kelishishni qidirib charchatadigan kurash olib borilar edi. Diniy xizmatning uchta kvalifikatori kitob hech bo‘lmaganda hukmga mahkum qilingan doktrinani sir saqlashni buzadi va uni tarqatadi degan xulosa chiqarishdi. Galiley o‘z xohishiga qarama-qarshi Kopernik sistemasi foydasiga dalillarni kuchaytirib yuborganini tan oldi. 22 iyunda Muqaddas Mariya cherkovida, tizzalari bukilgan, yarim yildan so‘ng 70 yoshga to‘ladigan Galiley hukmni eshitadi. U «biror fikr diniy yozuvga qarshi deb aniqlanib, e’lon qilinganidan keyin ham uni haqiqatga o‘xshash deb himoya qilish va unga asoslanish mumkin deb hisoblagani uchun hukmga mahkum etildi». Galileyga «dinsizlikda kuchli gumon qilinadi» deb hukm chiqariladi. «Dialog» kitobi ta’qiqlanadi, Galiley majburiy xizmatga hukm qilinadi (dinsizlikda gumonsiralganlar, dinsizlar kabi yoqilmaydi!) va u «uch yilgacha haftada bir marta Injildan yettita avf so‘rovchi oyat o‘qishi lozim». So‘ngra Galiley o‘z fikr va g‘oyalaridan, ilmiy tasdiqlari va natijalaridan qaytish hukmi matnini o‘qiydi: «...Menga aytilgan doktrina diniy yozuvga qarshi deb e’lon qilinganidan so‘ng, men avval qoralangan mana shu doktrinani bayon etuvchi kitob yozdim va bosib chiqardim. Men hech qanday yechim bermay katta ishontirish bilan shu doktrina foydasiga dalillar keltiraman...» U o‘ziga qo‘yilgan «barcha vazifalarni bajarishga» qasamyod qiladi.
Ehtimol, shu paytda Galiley Toskaniya gersogining imkoniyatlarini to‘g‘ri baholamay Venetsiya respublikasini tashlab ketganiga afsuslangandir, bu yerda unga inkvizitsiyaning qo‘li yetmas edi. Ammo Venetsiyada uning bosh asarini bosishga imkoniyat yo‘q edi, qattiq ta’qib ostida bo‘lsa ham Florensiyada bu ishni amalga oshirish mumkin bo‘ldi.
Inkvizitsiya qamoqxonasiga qamash avval Medichi saroyiga almashtirildi; ikki haftadan keyin esa u Siennga arxiepiskop Pikkolamini ixtiyoriga yuborildi. Yarim yildan keyin unga o‘zining Archetridagi villasiga borishga ruxsat etildi. Archetrining Yaqinidagi monastirda uning qizlari bor edi. Ozgina vaqt Florensiyada bo‘lgani hisobga olinmasa, Galiley hayotining qolgan sakkiz yilini o‘sha yerda o‘tkazdi. hamma yerda Galiley inkvizitsiya ko‘zi ostida bo‘ldi, inkvizitsiya uning tashqari bilan aloqasini diqqat bilan nazorat qilardi. Urban VIII hatto olim vafot etgan kuni ham rahmdillik qilmadi. Uning qarindoshi kardinal Barberini Florensiyaga mana bunday xabar jo‘natdi: «...diniy inkvizitsiya tribunali tomonidan jazolangan va Shu jazoni o‘tash paytida o‘lgan kishining jasadi uchun maqbara qurish yaxshi emas». Gersogga Galileyni Mikelanjelo yoniga dafn etish istagidan voz kechishga to‘g‘ri keladi (bu istak uzoq yillardan so‘ng bajo etildi).
Galileyning o‘z fikridan qaytishi kishilarni hozirgi kunda ham taajjubga soladi. Olim Shubhasiz haqiqat deb bilgan, uni tasdiqlash uchun o‘z hayotining ancha qismini sarf etgan nazariyasidan qaytishga haqqi bormidi? Galiley qabul etgan qarorning turlicha tushuntirilishi mavjud: 70 yoshdagi kasal olimning qiynoq va kuydirilish oldidagi qo‘rquvi, men o‘z vazifamni bajardim, endi kitobning tarqalishiga hech kim to‘sqinlik qilmaydi degan, sezgi, qolgan umrini (u sakkiz yil ekan) fanga bag‘ishlash imkoniyati u voz kechishi lozim bo‘lgan o‘z g‘oyasini yaratish uchun chorak asr to‘xtatib qo‘ygan avvalgi mashg‘ulotlariga qaytdi.
K. Ridning «Jilbert» degan kitobida ulug‘ matematik unga xos bo‘lgan ochiq ko‘ngillik bilan Galiley haqida deydi: «Ammo u ahmoq emas edi. Ahmoqqina ilmiy haqiqat qiynoq talab etadi deb o‘ylaydi. Lekin ilmiy natijalar o‘zini vaqt o‘tishi bilan isbotlaydi». Galiley ilgari ham kelishuvchanlikka borganini, 1616-yildan so‘ng Yerning qo‘zg‘almas ekanini shunchaki tan olganini esdan chiqarmaslik lozim (jumladan, «Dialog»da ham).
Afsonaviy «U baribir aylanadi» degan so‘zni Galiley aytmagan bo‘lsa kerak, u dindor bo‘lishiga qaramay uning o‘z fikridan qaytishi haqiqiy emasdir. «Dialog»ni butunlay yig‘ib olisha olmaganligi, 1635 yilda Yevropada lotin tilida nashr etilishi uni xursand etgandir, albatta. Uning Venetsiyalnk tanishi Mikaitsio unga Shunday yozadi: «Ajoyibki, Sizning «Dialog»ingiz bosilib chiqqach, matematikani biluvchi kishilar darrov Kopernik sistemasi tomonga o‘tdi. Mana ta’qiqlash nimaga olib keldi!» Galiley, «Sizning «Dialog» haqida yozganingiz men uchun juda ham yoqimsiz, chunki bu boshliq shaxslarga katta hayajonlantirish keltirishi mumkin. «Dialog»ni o‘qishga beriladigan ruxsat juda chegaralangan, oliy hazratlari bittagina nusxani o‘zlari uchun saqlaydilar, borib-borib Shunday bo‘lishi mumkinki, bu kitob haqida tamoman unutib yuborishadi». Galiley uchun sud va hukm bilan bog‘liq sharmandalik juda og‘ir edi, biroq olamning tuzilishi haqidagi muammolar bilan Shug‘ullanishni taqiqlash ham og‘ir edi. Unda bu mashg‘ulotlardan voz kechishi kerakligiga shubha yo‘q edi. Galiley nima qilishi kerak edi? Uning davrdan zorlanishga hamma asosi bor: «Eh, bizning baxtsiz davrimiz, hozir har qanday yangi fikrni, ayniqsa, fanda, go‘yoki bilish kerak bo‘lgan barcha narsalar bilan olinganidek, ildiz ottirmaslik uchun qat’iy qaror hukm surmoqda». Uning eski hamfikri Kampanellaning aytganlari bilan o‘z-o‘zini yupatish mumkin (u 1616-yildayoq Neapol qamoqxonasida «Galileyga Apologiya» yozgan edi): «Shukuhli asr bizni muhokama qiladi, chunki hozirgi zamon hamma vaqt; o‘z himoyachilarini tepadi, ammo ular uch kun yoki uch yuz yildan so‘ng tiriladilar». Hukmdan bir necha hafta keyin Galiley to‘xtatib qo‘yilgan mexanika haqidagi risolasini eslaydi. Bu kitobni yaqin yillarda yozish Galileyning bosh ishi va hayotining maqsadi bo‘lib qoladi. U yoshligida kashf etgan mayatniklarning izoxronligi xossasini eslaydi va o‘g‘li Vinchensoga mayatnikli soat yasashni buyuradi. Galileyning ko‘zi juda ham yomonlashib qoldi. Kitobini yozib tugatay deganda uning bitta ko‘zi butunlay ko‘r bo‘lib qoladi, Shunda ham u 1637-yilning oxirida butunlay ko‘r bo‘lib qolguncha, ba’zan osmonni teleskopda kuzatadi, Oyning libratsiyasini tasvirlaydi: «...Men o‘zimning o‘tkir kuzatishlarim va ochiq-oydin isbotlarim bilan odatda oldingi asr bilimdonlari ko‘rganidan, yuz, hatto ming marta kengaytirilgan osmon, olam va butun olam shunchalik kichiklashib, torayib ketdiki, mening shaxsim egallagan fazodan ortiq emas. Yaqinda ro‘y bergadigan baxtsizlikka chiday olmayman va bosh ega olmayman, biroq vaqt meni bunga o‘rgatishi kerak». Baribir unga hadya qilingan oxirgi yili yana Medichi Yulduzlarini kuzatdi, o‘rtoqlari esa uni Shunday fikrga yo‘lladilarki, bu uni oxirgi kungacha tark etmadi.
< avvаlgi | kеyingi > |
---|