28-sentyabr - Butunjahon quturishga qarshi kurash kuni
Bugun 28-sentyabr - Butunjahon quturishga qarshi kurash kuni. Ushbu sana 2007-yildan boshlab, har yili sentyabr oyining 28-sanasida, buyuk mikrobiolog olim Lui Paster vafot etgan sanada nishonlanib kelinadi. Albatta, ushbu sana Lui Paster xotirasini abadiylashtirish, hamda, hozirgi kunda ham eng xatarli kasalliklardan biri bo'lib qolayotgan quturish kasalligiga qarshi kurashga oid targ'ibot ishlarini keng rivojlantirishni maqsad qiladi. Ushbu xotira kunining asosiy maqsadi - quturish kasalligining odamlar va hayvonlar uchun olib keladigan oqibatlariga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish, kasallikning oldini olish choralari haqida aholining xabardorligini oshirish hamda quturishga qarshi kurashda erishilgan muvaffaqiyatli natijalarni keng targ‘ib qilishdir.
Ushbu kasallik tabiatdagi eng xavfli va ashaddiy viruslardan biri bo'lmish "Rabies virus" virusi tomonidan qo'zg'atiladigan va inson oliy nerv sistemasini falajlab, deyarli 100% holda o'limga olib keladigan yuqumli kasallik hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, quturish oqibatida sodir bo'ladigan o‘lim holatlarining mutlaq ko‘pchiligida infeksiya manbai itlar hisoblanadi. Odamlarga quturish yuqish holatlarining deyarli 99 foiz qismi aynan itlar (it tishlashi, it qopishi) orqali yuz beradi. Quturishni oldini olish borasidagi eng muhim va asosiy oltin qoida shuki - agar mabodo kimnidir it tishlab olsa (yoki har qanday hayvon, masalan, mushuk, tulki va ho kazo tishlasa) vaqtni bir lahzaga ham kechiktirmay, har qanday boshqa ishni tashlab, imkon qadar zudlik bilan tibbiyot punktiga murojaat qilish kerak. Quturishni oldini olish, ya'ni, 100% o'lim bilan yakunlanadigan holatga o'tib ketmasligi uchun yagona yechim bu - it yoki boshqa hayvon tishlagandan keyin o'z vaqtida, zudlik bilan vaksinatsiyani boshlash va vrachlar nazoratida bo'lishdir. Chunki, quturish yuqqandan keyin, kasallik simptomlari yuzaga kela boshlagach, uni davolashning umuman foydasi bo'lmay qoladi. Va bu 99,99% holatda o'lim bilan tugaydi.
Shu sababli ham, 28-sentyabr BMT tomonidan e'tirof etilgan eng muhim Xalqaro sanalardan biri bo'lib, uning muddaosi Butun dunyo mamlakatlari bo'ylab eng avvalo aholi orasida quturish yuz berishini oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha odamlarning xabardorligini oshirish borasida keng ko'lamli targ'ibot va tushuntirish ishlarini olib borish, uy hayvonlarini boqishda mas’uliyat bilan yondoshish va ularni to'g'ri parvarish qilish, it va boshqa hayvonlarning avvalo bolalarni va qolaversa har qanday yoshdagi odamni tishlab olishini oldini olish, hamda hayvon tishlaganidan so‘ng zudlik bilan tegishli choralarni ko‘rish kerakligi haqida aholiga to‘g‘ri va ishonchli ma’lumotlar yetkazishni o‘z ichiga oladi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
| kеyingi > |
|---|







