Orbita . U Z

Ilm-fan fazosi uzra

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa

Samodagi shaffof chiziqlar

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 3
Juda yomon!A'lo! 

Samodagi shaffof chiziqlar.

(Ayzek Azimovning shu nomli hikoyasidan tarjima)

O‘g‘lim ba'zan maktabdoshlari kalaka qilishayotganidan shikoyat qilib qoladi. Chunki amerikaliklarga xos bo‘lmagan Azimov familiyasi o‘smir yoshidagi bolalar uchun boshqa istalgan narsa kabi ermak obyekti bo‘lishi ajablanarli emas. Lekin uning darg‘azab ko‘zlaridan bilamanki, u o‘zini kalaka qilinishiga sabab bo‘layotgan ushbu familiyani, boshqa odatiyroq familiyaga, masalan, Smit yoki Braunga almashtirishni ich-ichidan istaydi. Men o‘g‘limni chin dilimdan tushunaman. Sababi, bir paytlar o‘zim ham ushbu familiyam tufayli bir qancha yoqimsiz sarguzashtlarni boshdan kechirishimga to‘g‘ri kelgan.

Farzandim bilan bu yoqimsiz mavzuda gaplashgan paytlarimda, o‘zimga ham harbiy xizmat o‘tagan askarlik davrlarim yodimga tushib ketadi. Xizmatda bizni topografik xaritalar bilan ishlashga o‘rgatishgan. Bu mashg‘ulot, aytaylik, kundalik saf tayyorgarligidan yaxshiroq va yoqimliroq edi. Biz xaritalarni obdon o‘rganardik va koordinatalarni aniq belgilashni mashq qilardik. Bu hammasi qiziqarli va yoqimli edi. Lekin, kunlardan bir kun, serjant og‘zidan men uchun "mash'um" atama yangradi va mening safdoshlarimga hazil-kalaka uchun gap topildi. o‘shanda xizmatdoshlarimdan aksariyati "azimut" degan ilmiy atamani umrida birinchi bor eshitishi edi. "Azimut" so‘zini eshitgani hamonoq, safdagilarning deyarli hammasi tirjaygan bashara bilan yarq etib menga qaragan. Ular o‘zlari kutmagan holda, men uchun yangi laqabga ega bo‘lishgandi.

Men harbiy xizmat oxirigacha safdoshlarimning ba'zan samimiy, ba'zan ahmoqona hazil-huzullariga arang chidadim. Lekin nima ham qila olardim. El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Men xizmatim tugallanib, demobilizatsiya bo‘lgunimcha xizmatdoshlarim uchun Ayzek Azimut bo‘lib qolaverdim. Eng alam qiladigani esa, meni azumut deb kalaka qilgan har bir askar, o‘zini xuddi kuchli yumor hissiga ega, ajoyib hazilkashdek ko‘rsatishga urinardi. Men esa vaziyatga bardosh berish uchun, mashhur shoirning "Bu - armiya, janob!"[1] degan iborasini takrorlashdan o‘zga chora topolmaganman. Harholda o‘sha be'manigarchiliklardan qutulib ketdim.

 

Endi esa, Amerikada muayyan mashhurlikka ega bo‘lgan fantast va ilmiy-ommabop asarlar yozuvchisi sifatida, men azimut aslida nima ekanligini va nima uchun uni Azimov familiyasi bilan chalkashtirmaslik lozimligini tushuntirishga harakat qilmoqchiman.

Hammasi yo‘nalishdan boshlanadi. Yo‘nalishni belgilashning eng sodda va eng samarador usuli uni ko‘rsatishdir. Masalan, "ular falon yoqqa ketishdi" deymiz va hammasi ravshan bo‘ladi. Yoki, hammaga avvaldan ma'lum bo‘lgan biror orientirdan foydalanish mumkin. Masalan "ularni dara tarafga jo‘natdim" desak, o‘sha daraning qayoqda ekanini biladigan hamma, yo‘nalish haqida aniq tasavvurga ega bo‘ladi.

Lekin bularning barchasi, siz va sizning yaqinlaringiz yaxshi biladigan kichik bir hududga tegishli bo‘ladi xolos. Bunday hududning kattaligi ortgan sari, unda yo‘nalishni belgilash ham qiyinlashib boradi. Masalan siz boshqa shahar yoki, notanish hududda borib qolsangiz-u, u joyning relyefini, tomonlarini, xullas yo‘nalishini bilmasangiz, siz ancha qiynalib qolasiz. Shu sababli, odamlarga, ayniqsa, faoliyati joydan-joyga muttasil ko‘chib yurish bilan bog‘liq kishilarga (masalan dengizchi, sayyoh, va shu kabilarga) yo‘nalishni belgilashning mahalliy hudud relyefiga bog‘liq bo‘lmaydigan va Yer yuzining istalgan hududi uchun umumiy bo‘ladigan universial usullari zarur bo‘ladi.

Bu borada eng oson va balki eng qadimgi odamlar ham yaxshi bilgan orientir - Quyoshning chiqish va botish taraflari, ya'ni kunchiqar va kunbotar tomonlar bo‘lsa kerak. Garchi bu yo‘nalish har kuni oz-ozga bo‘lsa ham o‘zgarib tursa-da, lekin umumiy yil davomida kunning chiqish va botish taraflari deyarli bir xil bo‘ladi. Yo‘nalishning ushbu o‘zaro qarama-qarshi taraflarini biz sharq va g‘arb deb ataymiz. Yo‘nalishning yana boshqa juftligi esa, sharq va g‘arbga perpendikulyar bo‘lib, biz ularni shimol va janub deb ataymiz.

Agar biror joyda yo‘nalishning ushbu to‘rtala tomonlari aniq belgilangan bo‘lsa, unda orientirni yanada mukammal qilish uchun to‘siq bo‘ladigan boshqa muammo qolmaydi. Ya'ni, bu orqali, shimoliy-sharq, janubiy g‘arb kabi, muqobil yo‘nalishlarni ham osonlik bilan belgilash mumkin. Aslida yo‘nalish tomonlari - shimol, janub, g‘arb va sharqni aniq belgilash uchun juda katta astronomik yoki geografik bilimlar kerak emas. Buni eng qadimgi ajdodlarimiz ham juda yaxshi uddalashgan. Chunki dunyo tomonlarini belgilash uchun masalan, Quyoshning osmondagi joylashuviga qarash kifoya qiladi.

Quyoshga qarab orientir olishning imkoni bo‘lmagan hollarda (masalan tunda) kompasga qarab yo‘nalish belgilash mumkin. Agar qo‘lingizda kompas bo‘lsa, siz o‘zingiz istagan joyga qiynalmasdan yetib borishingiz mumkin. Agar erinmasangiz, yo‘l-yo‘lakay, bosib o‘tgan joylaringizni xaritasini ham tuzib borsangiz bo‘ladi. Buning uchun, yo‘lga chiqqan joyingizdan boshlab bosib o‘tgan masofangizni hisobga olib borasiz va biror manzilga yetgach, oraliqni hisoblab, miqyosni belgilaysiz. Keyingi manzillarda ham ushbu jarayonni takrorlaysiz. Shu tarzda, istasangiz butun mamlakat, qit'a yoki, Yer yuzi xaritasini chizib chiqishingiz mumkin. Lekin bu narsani amalda bir kishi tarafidan uddalanishi mumkinligi haqidagi gap albatta hazil. Sababi buning uchun juda ko‘p yillar (bitta odam umri yetmasligi mumkin) va katta mablag‘ kerak bo‘ladi. Qolaversa hozirda bunga ehtiyoj ham yo‘q. Sababi, Yer yuzidagi har mamlakat, shahar va hatto eng chekka orollarning ham mufassal xaritasi allaqachon tuzib bo‘lingan.

Aytgancha, kompas haqida. Kompas bilan Yevropaliklar faqat XIII-asrdagina tanishishga muvaffaq bo‘lishgan (uni Xitoyda ixtiro qilishgan). Ungach bo‘lgan yillarda Yer yuzi xaritasini tuzmoqchi bo‘lgan Yunoniston va Yaqin Sharq geograflari boshqa usullardan foydalanib ish tutishgan.

Yo‘nalish haqidagi suhbatimizga qaytamiz.

Quyoshning kunning qoq o‘rtasidagi vaziyatini belgilab olish mumkin. Ya'ni, bu kun chiqqandan boshlab, to botguncha bosib o‘tadigan yo‘lining qoq o‘rtasi bo‘ladi. Istalgan kunda, Yer yuzidagi biror nuqtadan qaralganda Quyoshning kunning o‘rtasidagi holati, shundoqqina kuzatuvchining boshi ustida, ya'ni, qoq tepada bo‘ladigan holat albatta bo‘ladi. Qadimgi yunonlar aynan shunday holat iyun oyi oxirida Misrning janubiy hududlarida kuzatilishini yaxshi bilishgan. Lekin bunday nuqta Yunonistonning o‘zi ham joylashgan Yevropa hududida kuzatilmaydi. Yevropada Quyosh doimo biroz quyiroqda joylashadi va kuzatuvchi Quyoshga muayyan o‘tkir burchak ostida qaraydi. Buning sababi - Yerning sfera shaklida ekanligi tufaylidir. Shu orqali, Quyoshning o‘zining eng baland nuqtasidan bir xil masofada bo‘ladigan vaziyatini kuzatish mumkin bo‘lgan Yerdagi nuqtalarning barchasi, sharqdan g‘arbga tomon o‘tkaziladigan bir chiziqda joylashishini tushuntirish ham mumkin. Bu chiziqni xaritada tortib, u orqali boshqa nuqtalarni ham belgilash mumkin bo‘ladi. Bunday chiziqni aniqlagan va xaritaga tushirgan ilk olim - Aristotelning shogirdlaridan biri - Dikarx bo‘lgan.

Yer sirti bo‘ylab o‘tkaziladigan bunday chiziq kenglik deyiladi. Bunday chiziqlar barchasi sharqdan g‘arbga yo‘naladi va bir-biridan muayyan masofada, o‘zaro parallellar hosil qilib Yer sferasini o‘rab oladi. Kenglik chiziqlarining barchasi o‘zaro parallel bo‘lgani uchun, ularni shuningdek parallellar ham deyiladi.

Parallel qutbga qanchalik yaqin bo‘lsa, uning aylanasi uzunligi ham shunchalik kichrayib boradi. Agar qo‘l ostingizda globusingiz bo‘lsa, bunga o‘zingiz ham amin bo‘lishingiz mumkin. Yer shari sferasidagi eng katta parallel, Yerning har ikkala qutblaridan o‘zaro teng uzoqlikda joylashgan bo‘lib, u eng katta diametrli aylana chizadi. Ushbu eng katta parallel orqali Yer shari ikkita teng yarimsharlarga - shimoliy va janubiy yarimsharlarga ajratiladi. Shu tufayli ham ushbu eng katta parallelni ekvator chizig‘i deyiladi. Ekvator atamasi - qadimgi lotin tilidagi "aequator", ya'ni, "teng" degan so‘zdan olingan.

Parallellarni graduslar bilan ifodalash amaliyoti anchayin tez ommalashgan. Sfera aylanasini 360° ga bo‘linadi. Ekvatordan shimoliy qutbga tomon sayohat qilinsa, aylaning chorak qismini, ya'ni, 90° ni bosib o‘tiladi. Shu sababli, ekvatorni 0-parallael (nolinchi parallel) deb olinadi. Bundan esa, qutb 90-parallel bo‘lib chiqadi. Agar sayohatni davom ettirib, qutbdan ham o‘tib, qarama-qarshi tomon bilan yana ekvatorga qaytilsa, parallellar endi teskari tartibda, ya'ni, 90 dan 0 ga sanaladi. Bunda sayohat yakuniga ko‘ra siz yana nolinchi parallelga, ya'ni, ekvator chizig‘iga qaytib kelib, sayohatning boshlang‘ich nuqtasiga diametral qarama-qarshi nuqtaga yetib kelgan bo‘lasiz. Ekvatordan janub tomonga yo‘l solib, siz yana janubiy qutbdan o‘tuvchi 90-parallelga yetib borasiz va uni ham bosib o‘tib, yana teskari tartibda, nolinchi parallelga qaytsangiz, sayohatingiz boshlangan nuqtaga yetib kelasiz.

Shimoliy va janubiy yarimsharlardagi parallellarni o‘zaro chalkashtirmaslik uchun, shimoliy kenglik va janubiy kenglik tushunchalari kiritilgan. Masalan, Filadelfiya va Pensilvaniya 40° shimoliy kenglikda joylashgan. Chili esa 40° janubiy kenglikda joylashgan deyiladi.

Biroq, Yer yuzidagi muayyan nuqtani faqat parallel vositasida aniq belgilashning imkoni yo‘q. Masalan, biz Ekvador poytaxti Kito shahri ekvatorda (yoki nolinchi parallelda) joylashgan desak, unda Kito 400000 km aylana uzunligining aynan qaysi nuqtasida ekanligini bilolmay qolamiz. Muayyan nuqtani yanada aniqroq belgilash uchun bizga parallellarga qo‘shimcha ravishda, shimoldan janubga tomon yo‘nalishni ham ko‘rsatish imkonini beruvchi boshqa chiziqlar majmui kerak bo‘ladi. Odatiy xaritalarda bunday chiziqlar yuqoridan pastga qarab yo‘nalgan bo‘ladi va uzunlik chiziqlari deb nomlanadi.

Agar Yer sirtidagi muayyan nuqtadagi qoq tush vaqti, ya'ni, kunning o‘rtasi, ushbu nuqtadan shimol va janubga o‘tuvchi to‘g‘ri chiziq bo‘ylab joylashgan boshqa nuqtalarda ham aynan shunday vaqt, ya'ni, qoq tush payti bo‘lsa, bunday chiziqni meridian chizig‘i deyiladi. Meridian - lotinchadagi "meridianus" - qoq tush degan ma'noni anglatadi.

Barcha meridianlar qutblarga tomon yo‘naladi va Shimoliy va Janubiy qutblarda tugallanadi. Barcha meridianlar qutblarda o‘zaro tutashadi. Meridianlar orasidagi eng uzoq masofa esa ekvatorda bo‘ladi. Meridianlarni, mandarin mevasi bo‘laklarini ajratib turuvchi chiziqlarga qiyoslash mumkin.

Eramizdan avvalgi 200-yilgacha qadimgi yunonlar tomonidan tuzilgan xaritalardayoq meridianlar belgilanishi boshlangan edi. Lekin meridianlar orasidagi masofani aniq belgilash ular uchun juda qiyin bo‘lgan. Parallellar esa nisbatan oson va to‘g‘ri chiqarilgan. Uni aniqlash uchun kunduz kuni Quyoshning qoq tush paytidagi joylashuvini, tunda esa Qutb yulduzining holatini belgilash kifoya qilgan. Garchi qadimgi yunonlarning bu boradagi o‘lchovlari hozirgi kundagi qaraganda ancha no‘noq bo‘lsa-da, baribir o‘z davri uchun yetarli darajada aniq bo‘lgan.

Uzunlikni aniqlash masalasi esa ancha qiyin bo‘lgan. Uni aniqlash uchun vaqtni ham aniq bilish talab etilgan. Buning uchun, Quyosh yoki biror yulduzning mahalliy meridian bo‘yicha eng baland nuqtaga yetgan vaqtini, va boshqa bir meridiandagi shunday holat kuzatiladigan vaqtni taqqoslay olish zarur bo‘lgan. Masalan, biror yulduz Yunonistondagi Afina meridianida muayyan vaqtda eng baland nuqtadan o‘tsa, va Italiyadagi Messinada esa, Afinadagidan 32 daqiqa keyin shunday holatga chiqsa, demak bu shaharlardan o‘tuvchi meridianlar orasidagi masofa 8° ga teng deb xulosa qilish mumkin. Ya'ni, Messina Afinadan 8° g‘arbdagi uzunlikda joylashgan bo‘ladi. Bunday o‘lchashlarning aniq bo‘lishi uchun, soat va daqiqalarni o‘ta aniq belgilash imkonini beradigan soat kerak bo‘lgan. Bunday soat uzoq vaqt mobaynida aniq yurishi, shuningdek undan foydalanib uzunlikni belgilamoqchi bo‘lgan odam esa, Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishini ham ko‘zda tutishi kerak bo‘lgan.

Qadimgi zamonlarda bunday aniq soatlar va uzunlikni belgilash imkonini beradigan boshqa xil asboblar bo‘lmagan. Shu sababli eng kuchli geograflar ham meridianlarni ko‘p chalkashtirishgan. Masalan, Iskandariyada yashab o‘tgan Eratosfen Iskandariya va Konstantinopol (Istanbul) shaharlari bitta meridianda joylashgan deb o‘ylagan. Aslida esam bu shaharlarda o‘tuvchi meridianlar orasidagi masofa 112 km ni tashkil qiladi. Qadimgi geografiya qo‘llanmalarida va xaritalarda bu kabi chalkashliklar odatiy hol bo‘lgan.

Albatta, agar Yer shari aylanasini aniq bilsa, (Eratosfen uni hisoblab chiqara olgan) meridianlar orasidagi masofani ham hisoblab topish mumkin bo‘lgan. Masalan, ekvatorda bir daraja uzunlik 111,8 km, 40° kenglikda esa, 85,6 km bo‘ladi. Lekin, masalan tog‘li hududda, yoki ochiq dengizda, masofani aniq o‘lchashning imkoni deyarli bo‘lmaydi.

Umuman olganda, qadimgi yunonlarning biroz dag‘al va uncha muncha xatoliklari serob bo‘lgan xaritalari, ancha vaqtgacha amalda bo‘lib kelgan. Birinchidan, ularni o‘rnini bosa oladigan tuzukroq boshqa xaritalar bo‘lmagan bo‘lsa, ikkinchida, dengizchilar faqat o‘rta Yer dengizi havzasida suzgan paytlar uchun bunday xaritalar kifoya qilgan.

Hammasi, Yevropaliklar katta-katta kemalar qurib, uzoq masofalarga dengiz sayohatlariga chiqishni yo‘lga qo‘ygan davrdan keyin boshlandi. Bandargohdan olislashib ketgan kema kapitanlari o‘zlarining qayerda turganliklarini aniqlay olmasdan xunob bo‘lishardi. Portlarni topib borib olish uchun esa shturmanlarning mahoratiga emas, balki kemadagi rohibning Xudoga qiladigan iltijolariga ishonib yo‘l olishardi. 1598-yilda, o‘sha zamonning eng yirik dengiz flotiga ega bo‘lgan Ispaniya davlati qiroli kema bortida ishlatsa bo‘ladigan va uzunlikni aniqlash imkonini beradigan asbob uchun mukofot e'lon qildi. Tanlovda ko‘pchilik ustalar qatnashganiga qaramay, ulardan hech biri haqiqatan ham ochiq dengizda orientir olish imkonini beruvchi aniq asbob taklif qila olishmadi.

1656-yilda Gollandiyalik olim Xristian Gyuygens - mayatnikli soatni ixtiro qildi. Ushbu soat vaqtni aniq belgilash uchun mos keladigan birinchi asbob bo‘lgan. Faqat bunday soatni quruqlikdagina ishlatish mumkin bo‘lgan. Kemadagi muttasil chayqalishlar uning mayatnigi tebranishiga ta'sir ko‘rsatgan va aniqlik izdan chiqqan.

1600-yillardan e'tiboran jahondagi jahon dengiz va okeanlaridagi yetakchilik Buyuk Britaniya qo‘liga o‘tdi. Britan dengiz floti kemalarini to‘rtala okeanda ham uchratish mumkin edi. 1675-yilda Britaniya qiroli Karl II London yaqinidagi Grinvich yerida maxsus rasadxona qurilishiga buyruq berdi. Ushbu muassasaning asosiy vazifasi - meridianlarni, ya'ni, uzunlikni aniq belgilash masalalari bilan shug‘ullanish bo‘lgan. Bu rasadxona uzoq yillar davomida dengizchilar uchun turli astronomik jadvallar chiqarish bilan kifoyalangan. Lekin, kema hozir qayerda turganini aynan kema bortidan turib tez va aniq belgilash imkonini beruvchi asbob hali-hanuz yo‘q edi. 1714-yilda Britaniya hukumati shunday asbobni yasagan usta uchun 20000 funt-sterlingdan iborat mukofot e'lon qildi.

Tanlovda ishtirok etganlar ichida Yorkshirlik mexanik-soatsoz Harrison alohida ajralib turgan. 1728-yildan boshlab, u tanlov hay'atiga jami 5 xil modeldagi soatlarni namoyish qilgan. Uning har safargi yangi soat modeli avvalgisidan ko‘ra aniq va mexanik mustahkamligi bilan ajralib turgan. Birinchi modellarda Harrison soatlari birmuncha beso‘naqay va ishlatishga noqulay bo‘lgan bo‘lsa, lekin 5-chi model Harrison soati juda ixcham va foydalanish uchun ham juda qulay bo‘lgan. Shunday soatlardan biri, dengizda to‘liq 5 oy ishlab, kema jamoasining olqishiga sazovor bo‘lgan. Harrisonning 5-model soati bilan uzunlikni aniq belgilash masalasi juda yengillashgan edi. 5-oylik sayohat vaqtida soat real vaqtdan atiga 1 daqiqa ortda qolgan.

Lekin Britaniya hukumati ixtirochi ustaga va'da qilingan mukofotni berishga shoshilmasdi. Parlamentdagi kibor korchalonlar turli bahonalar bilan ustaning halol haqini - mukofot pulini to‘lashni orqaga surishdan uyalishmasdi. Balki buning sababi, dengizchilik uchun juda muhim bo‘lgan shunday aniq soat ixtirochisi - Harrison - Qirollik Jamiyati a'zosi bo‘lgan "jentelmenlar" toifasidan bo‘lmay, balki, oddiy qishloq ustasi bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. Vaziyatga faqat qirol Georg III ning shaxsiy aralashuvigina ijobiy yechim bergan. Lekin Harrisonga vanihoyat o‘z halol haqi bo‘lgan mukofotni keltirib berishganida, u allaqachon 70 yoshdan o‘tgan, hukumat vakillarining ma'muriy-qog‘ozbozlikka asoslangan harakatlari tufayli yuz bergan turli sansalorliklaridan hafsalasi dabdala bo‘lgan holatda edi. Mukofot faqat 1765-yildagina egasiga to‘lab berilgan.

Xaritalarda uzunlikni va kenglikni, ya'ni, parallel va meridianlarni o‘ta aniq belgilash borasida so‘nggi 200 yildagina katta yutuqlarga erishildi.

Lekin, meridian va parallelni aniq belgilashning ko‘p masalalari hal etilgan davrda ham, uzunlik borasida bitta muammo yechilmay qolib ketavergan edi. Uzunlikni aniq belgilash borasida ekvator singari tabiiy tayanch bo‘la oladigan biror asos bo‘lmagan. Yer shari sferasi bo‘ylab o‘tuvchi istalgan meridian boshqa meridianlar bilan teng bo‘lib, ekvator esa parallellar ichida yagonasi, ya'ni, parallellarning eng kattasidir. Ekvator Yer yuzidagi istalgan mamlakat uchun umumiy bo‘lib, undan parallellar hisob boshi (ya'ni, 0°-parallel) sifatida hamma foydalanardi. Uzunlik esa hamma joyda teng va Yer sirti bo‘ylab o‘tadigan eng katta yoki eng kichik uzunlik yo‘q. Shu sababli ham dengizchilik rivojlangan mamlakatlarning ko‘pchiligida, boshqalar bilan mos kelmaydigan o‘z mustaqil uzunlik belgilash tizimi yuzaga kelgan. Ularning aksariyati o‘z mamlakatlari poytaxtidan o‘tuvchi meridianni hisob boshi qilib olaverishgan. Bunday ahvolda esa, eng tajribali dengizchilar ham, portdan portga suzishda adashib ketishlari hech gap emas edi.

Hamma uchun umumiy bo‘ladigan xalqaro meridianni belgilash uchun 1884-yilda AQSH poytaxti Vashingtonda jahonning eng yirik dengiz mamlakatlari ishtirokida Vashington meridian konferensiyasi o‘tkazildi. Unda London yaqinidagi Grinvich rasadxonasidan o‘tuvchi meridianni nolinchi meridian qilib belgilash to‘g‘risida xalqaro kelishuv imzolandi. Bu bejiz emas edi. Buyuk Britaniya bu paytga kelib, jahon dengiz va okeanlarining haqiqiy hukmdoriga aylangan.

o‘shandan e'tiboran, Grinvichdan sharqqa, yoki, Grinvichdan g‘arbga yo‘nalgan meridianlar tegishli daraja bilan ifodalanadigan bo‘lgan. Yer sharining Grinvich rasadxonasi joylashgan yeriga qoq qarama-qarshi tarafida, Grinvichdan boshlab sanalgan meridianlar yana uchrashadi va o‘sha uchrashuv chizig‘idan 180°-meridian o‘tadi. Bu meridian Tinch okeanining markaziy qismidan o‘tishini xarita yoki globusga qarab bilib olishingiz mumkin.

Meridian va parallelning har bir darajasini daqiqalarga (′) va soniyalarga () taqsimlash mumkin. Daqiqa va soniyalarni ham o‘nli yoki yuzli ulushlarga ajratsa bo‘ladi. Uzunlik va kenglik vositasida Yer yuzidagi istalgan nuqtaning aniq koordinatalarini belgilash mumkin. Masalan, Los-Anjeles shahri 34°03′15″ shimoliy kenglik va 118°1428 g‘arbiy uzunlikda joylashgan.

Shimoliy va janubiy qutblarning uzunligi bo‘lmaydi. Chunki aynan qutblarda hamma meridianlar o‘zaro tutashadi. Shimoliy qutbning koordinatasi faqat bitta nuqta bilan belgilanadi: 90° shimoliy kenglik. Janubiy qutb ham xuddi shunday: 90° janubiy kenglik.

Uzunlikni daraja bilan emas, balki vaqt bilan ham ifodalasa bo‘ladi. Yerning o‘z o‘qi atrofidan to‘liq aylanishi bir kun, ya'ni, 24 soatdan iborat deb belgilanadi. Agar 24 soatni Yer aylanasi bo‘ylab 360° ga taqsimlab yuborsak, har bir soat 15° dan bo‘lib chiqadi. Bu degani, ikkita nuqta orasidagi mahalliy vaqt farqi 1 soat bo‘lsa, ular o‘zaro 15° uzunlik masofasida joylashgan bo‘ladi. Agar nolinchi meridianda qoq peshin, ya'ni, kunduz soat 1200 bo‘lsa, undan 15° sharqda ayni payda soat 1300 bo‘lgan bo‘ladi. Undan 15° g‘arbda esa soat millari endi 1100 ni ko‘rsatayotgan bo‘ladi. Shu tarzda ayni paytda 0°-meridiandan 30°sharqda soat 1400, 45° g‘arbda 900 bo‘lganini aniqlash mumkin bo‘ladi.

Agar biz 0-meridianni 0:00:00 deb belgilasak, unda, g‘arbga tomon vaqt ko‘rsatkichi kamayib boradi, sharqqa esa aksincha ortib boradi. g‘arbiy uzunlik bo‘ylab har bir 15° da 0-meridiandagidan +1 soat qo‘shilgan tarzda olinadi. Aksincha, shardagi har bir 15° da soat 0-meridiandan −1 ayrib belgilanadi. Masalan, 73°59′39″ g'arbiy uzunlikda joylashgan Nyu-York shari uchun uzunlikni +4:55:59, Los-Anjeles uchun esa +8:04:48 deb olish mumkin.

Shu tarzda, qutblarni istisno qilganda, sayyoradagi har bir nuqta, muayyan uzunlik va kenglik koordinatalari bilan aniq belgilanishi mumkin.

Globuslardan kenglik va uzunlikni darajalar bilan belgilanadi. Uzunlikni soat ko‘rsatkichi bilan belgilash tizimi esa, sayyoramizdagi vaqt mintaqalarini belgilash uchun ishlatiladi. 180° uzunlik - sanalarning o‘zgarish chizig‘i ham deyiladi. Chunki, qoidaga ko‘ra, har bir yangi kunning soat boshi, aynan shu uzunlikdan boshlab olinadi. "Qoidaga ko‘ra"deyilishining boisi, ushbu chiziq hozirda aynan 180° uzunlik bilan belgilanmay, balki, mamlakatlarning ehtiyojidan kelib chiqib, qulay tarzda biroz o‘zgartirilgan.

Yer xaritasida borasida uncha-muncha gaplarni gaplashib oldik. Endi osmon xaritasi haqida nima deyish mumkin? Aytish joizki, osmon xaritasini tuzish masalasi astronomlarni qiziqtirgan mahalda, geograflar hatto Yer xaritasi haqida o‘ylashmagan ham bo‘lsa kerak. Chunki, hozirgi paytda hozirgi joyda turgan odam, Yer sirtining juda kichik qismini ko‘rib turadi xolos. Osmon esa, ayniqsa tungi osmon, kuzatish uchun juda keng va kattadir.

Kuzatuvchi Yerning qaysi qismida turganiga qarab, osmon sferasi ham janubiy va shimoliy sferalarga ajratiladi. Ya'ni, masalan kuzatuvchi shimoliy yarimsharda bo‘lsa, unga osmon sferasining shimoliy qismi ko‘rinayotgan bo‘ladi. Osmon sferasini kuzatgan odam uchun, xuddi osmon sharqda g‘arbga tomon aylanayotgandek tuyuladi. Aslida esa bu - Yerning o‘z o‘qi atrofida g‘arbdan sharqqa tomon aylanishi tufayli hosil bo‘ladigan aldamchi taassurotdir.

Shimoliy qutb bilan eng yaqin hamkorlik qiladigan yulduz - Qutb yulduzidir. U shimoliy qutbning qoq tepasida joylashgan bo‘lib, aynan ushbu yulduzga qarab shimol tomonni aniq topish mumkin. Shimol aniq bo‘lgandan keyin esa, dunyoning boshqa tomonlarini belgilash qiyin bo‘lmaydi. Kompas paydo bo‘lguniga qadar, aynan Qutb yulduzi sayyohlarning asosiy orientir belgisi bo‘lib xizmat qilgan.

Yerdagi hisob boshi sifatida olinadigan xayoliy chiziqlarni osmon sferasi uchun ham tadbiq qilish mumkin. Xuddi globus meridian va parallel chiziqlaridan iborat to‘r bilan qoplanganidek, osmon sferasi ham shunday "samoviy meridian" va "samoviy parallel"lar bilan belgilanishi mumkin. Osmon sferasida ham o‘zining "samoviy ekvatori" bo‘ladi.

Samoviy kenglik - og‘ish deb ataladi va u ham darajalar bilan ifodalanadi. Shimoliy osmon sferasi musbat og‘ish ko‘rsatkichi bilan belgilanadi. Janubiy osmon sferasi esa manfiy ko‘rsatkichli og‘ish bilan belgilanadi. Shu tarzda, Qutb yulduzi +90", Polluks +30°, Sirius +15° og‘ishga ega deyiladi (to‘g‘riroq aytsa, og‘ish burchagiga ega deyish kerak). Akruks (Janubiy xochning eng yorqin yulduzi) ≈60° og‘ishga ega.

Samoviy uzunlikni (meridianni) balandlik deyiladi. Bunda muayyan osmon jismning osmon sferasi gorizontidan qancha balandda turgani ifodalanadi. Osmonning o‘z samoviy boshlang‘ich meridiani bor. U Yer meridiani singari tortishuvlarga sabab bo‘lmagan. Yerning Quyosh atrofida aylanish orbitasi osmon sferasini ekliptika deb nomlanuvchi katta aylana bo‘ylab kesib o‘tadi. Biz - Yerliklarga esa, Quyosh ushbu trayektoriya bo‘ylab harakatlanayotgandek ko‘rinadi.

Yerning o‘qi o‘z orbitasi tekisligiga nisbatan 23,5° ga og‘gan holatda bo‘lgani uchun, ikkita samoviy katta aylanalar - ekliptika va osmon ekvatori orasidagi burchak ham aynan shunga teng bo‘ladi. Ekliptika aylanasi osmon ekvatorini ikkita joyda kesib o‘tadi. Quyosh ayni shu kesishish nuqtalarida bo‘lgan vaqtda, Yerda kecha va kunduzning davomiyligi o‘zaro tenglashadi. Ya'ni, yer yuzi bo‘ylab, kun ham tun ham roppa-rosa 12 soatdan bo‘ladi. Bu bahorgi va kuzgi tengkunliklardir.

Bahorgi tengkunlikda Quyoshning ekliptika va osmon ekvatori kesishgan nuqtalaridagi joylashuvi - musbat og‘ish tarafga yo‘nalgan bo‘ladi. 21 mart kuni sodir bo‘ladigan ushbu kesishuvda shimoliy yarimsharda bahor, janubiy yarimsharda esa kuz kirib keladi. Musbat og‘ishdan manfiy og‘ish tomon harakatlanib, ikkinchi shunday kesishuv nuqtasidan o‘tganda, aksincha, shimoliy yarimsharda kuz, janubiysida bahor fasli boshlanadi. Kuzgi tengkunlik bizning taqvim bo‘yicha 22-sentyabrda ro‘y beradi.

Aynan bahorgi tengkunlik sodir bo‘ladigan paytdagi Quyoshning joylashgan nuqtasi osmon meridianining boshlang‘ichi, ya'ni, 0° balandlik deb qabul qilingan. Osmon meridiani aynan shu nuqtadan sharqqa tomon hisoblanadi va 360° dan keyin yana aynan shu nuqtaga yetib keladi.

Shu tarzda, yulduzning osmon sferasidagi koordinatasi, og‘ish va balandlik bilan belgilanadi. Yer sirtidagi nuqta esa uzunlik va kenglik koordinatlari bilan aniqlanadi. Ushbu har ikkala belgilash usullarida o‘zaro umumiylik shundan iborat.

Lekin ushbu koordinatlash tizimlari orasida sezilarli tafovut ham bor. Yerdagi boshlang‘ich meridian vaqt masalasi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, shu sababli Yerdagi biror nuqtaning meridiani kundan-kunga o‘zgarib turmaydi. Yerdagi nuqta meridiani - doimiy o‘zgarmas (qo‘zg‘almas) ko‘rsatkichdir. Lekin Yerning o‘z o‘qiga nisbatan og‘ish burchagi juda sekinlik bilan bo‘lsa-da, harholda o‘zgarib turadi. Ya'ni, Yerning faraziy o‘z o‘qi asta-sekinlik bilan fazoda aylana chizib o‘zgaradi. Yer o‘qining bir aylana hosil qilib boshlang‘ich holatiga qaytishi uchun 28500 yil ketadi. Shu sababli ham osmon ekvatori sekinlik bilan siljib boradi. Osmon ekvatorining ekliptika bilan kesishuv nuqtalari ham g‘arbga tomon surilib boradi.

Bahorgi tengkunlik nuqtasi ham Yer o‘qiga mos ravishda har 28500 yilda bir marta aylanib o‘z joyiga qaytadi. Shu sababli ham, har yili bahorgi tengkunlik, avvalgi yildagidan bir lahzaga bo‘lsa-da ertaroq kiradi. Bahorgi tengkunlik nuqtasi g‘arbga tomon siljib borar ekan, osmon sferasidagi barcha osmon jismlarining balandligi ham ortib boradi. Agar mening hisoblashlarim to‘g‘ri bo‘lsa, bahorgi tengkunlik nuqtasining kundalik siljish 1/7 soniyani tashkil qiladi (vaqt emas, burchak ko‘rsatkichi nazarda tutilmoqda - tarjimon). Osmon jismlarining samoviy koordinatasini belgilashning bunday tizimi - ekvatorial tizim deyiladi. Chunki unda osmon ekvatori asosiy tayanch qilib olinadi.

Shunga o‘xshash boshqa koordinatlash tizimi ham bor. Unda asosiy tayanch nuqta - kuzatuvchining o‘zi bo‘ladi. Bunda Yerning aylanishi orqali belgilanadigan shimoliy qutb o‘rniga, kuzatuvchining boshining qoq tepasida joylashgan ixtiyoriy nuqtani olish mumkin. Yer sirtida turgan har bir odam uchun o‘zi turgan joyga bog‘liq ravishda, qoq tepasida turgan nuqta alohida bo‘ladi. Albatta kuzatuvchilar zich aholi manzili vakillari bo‘lishsa va hammasi bir joydan turib koordinata belgilashga urinishsa, ularning qoq tepasidagi nuqta ham umumiy bo‘lib qolishi mumkin.

Boshning qoq tepasidagi nuqtani - zenit deyiladi. Ushbu so‘z qadimgi arablar iste'molidagi atama bo‘lgan. Unga diametral qarama-qarshi joylashgan nuqta (u nuqta Yerning narigi tomonidagi shunday kuzatuvchi uchun zenit bo‘ladi) - nadir deyiladi. Nadir ham arabchadan kelib chiqqan atamadir. Nadir va zenit nuqtalaridan teng masofalardan o‘tuvchi osmon sferasi katta aylanasi - gorizont deyiladi (yunoncha - chegara ma'nosida). Haqiqatan ham, biz - kuzatuvchilar uchun gorizont Yer va osmonning chegarasidek tuyiladi go‘yo. Ayniqsa, Yer sirti tekis joylarda, masalan dashtlarda va dengiz sathida shunday ko‘rinadi. Osmon jismlarining koordinatasini belgilashning bunday tizimi gorizontal tizim deyiladi.

Zenit orqali gorizontdan-gorizontga harakatlanuvchi katta aylana (shimol-janub) bu - meridiandir. Gorizontdan-gorizontga zenit orqali o‘tadigan lekin, meridian bilan to‘g‘ri burchak ostida kesishadigan katta aylana - "boshlang‘ich vertikal" deyiladi.

Gorizontdan yuqori (musbat) va pastda (manfiy) joylashgan nuqtalarning balandligi ham darajalarda (°) ifodalanadi va u "dengiz sathidan balandlik" deb yuritiladi. Agar nuqtaning dengiz sathidan balandligi aniqlangan bo‘lsa, osmondagi biror nuqtaning aniq joylashuvini belgilash uchun, uning balandligini joriy nuqtadan turib, meridianning janubiy yarmidan boshlab g‘arbga tomon nechchi daraja ekanligini sanash bilan ifodalash mumkin bo‘ladi. Sizga ushbu tushuntirishlar juda mujmal va chigal tuyulib ketgan bo‘lsa kerak. Harholda astronomlar aynan shunday koordinatlash tizimidan foydalanishadi. Shturmanlar va topograflar esa aksincha, nuqtaning balandligini, meridianning shimoliy qismidan sharqqa tomon necha daraja ekanini belgilash bilan ifodalaydilar. Har ikkala holatda ham o‘lchashlar soat strelkasi yo‘nalishida bajariladi.

Meridianning janubiy chekkasidan g‘arbga tomon (yoki shimoliy chekkasidan sharqqa tomon darajalar soni - bu qaysi tizimdan foydalanishga bog‘liq) o‘lchangan darajalar soni azimut deyiladi. Azimut so‘zi ham xalqaro iste'molga arab tilidan kirib kelgan bo‘lib, u zenit so‘zi bilan o‘zakdoshdir.

Agar shimol 0° azimutga ega deb olsak, unda sharq 90° azimutga ega bo‘ladi. Shunga ko‘ra, janubning azimuti 180°, g‘arbiniki esa 360° bo‘ladi. Shu xolos.

Menchi, men?

Mening azimutim - Azimov, ishonavering

 


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

"
Yangilаndi: 17.12.2018 07:57  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Bildirilgan fikrlar   

 
-1 #1 Javob: Samodagi shaffof chiziqlar.Anu 2016-02-21 13:23
Voy xaliyam wu xabarmi. Yangilanmas ekande aa. Amerika uwlagan gravitatsiya tolqinlari nima boldi. Wuni yozmislarmi vey. Yoqmadi.
Iqtibos
 

Mulohaza bildiring:


Mahfiy kod
Yangilash

Banner

Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Agar arktangens shimoliy yarimsharda mavjud bo'lsa,
demak, janubiy yarimsharda

Antarktangens ham mavjuddir!!!


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 805
O'qilgan sahifalar soni : 4221092

Tafakkur durdonalari

Ilm-Fan Taraqqiyotni yetaklovchi kuchdir!